Taqiqlangan materiallar haqida fikrlar
Diskleymr: Bir necha yillardan buyon yuristlik faoliyati bilan shug’ullanmayman. Hozir kasbim boshqa. Shu bois quyidagi yozganlarimni yuristning xulosasi sifatida emas, shaxsiy qarash sifatida qabul qiling.
Oxirgi vaqtlarda bir necha kishilarning diniy-ekstremistik, terrorchilikka targ’ib qiladigan materiallarni tarqatganlik uchun javobgarlikka tortilayotgani, ayrim holatlarda uzoq yillik qamoqqa hukm qilinayotgani xabarlari tarqalmoqda. Aksariyat holatlarda Jinoyat kodeksidagi quyidagi moddalar qo’llanilgan:
- 244(1)-modda. Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish;
- 244(2)-modda. Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish;
- 244(3)-modda. Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish.
Bir qarashda ushbu normalar mantiqiy va jamiyat uchun foydali tuyulsa-da, sinchiklab qaralsa ayrim “adolatsiz va mantiqsiz” mulohazaga olib keladi. Tushuntiraman:
Qaysi material diniy-ekstremistik yoki terrorizmga targ’ib qilishi qanday ajratiladi?
Adliya vazirligi bu savolga javoban, “biz sud tomonidan ekstremistik tashkilot sifatida tan olingan tashkilotlar ro‘yxatini e’lon qilganmiz va buni doimiy yangilab boramiz” deydi. Haqiqatdan quyidagi manzilda ro’yxat mavjud. Ammo ushbu ro’yxatda faqat Youtube va telegram kanal, Facebook sahifalarning nomlari berilgan bo’lib, aksariyatida aniq resurs ID ko’rsatilmagan. Ma’lumki, resurs nomlari istalgan vaqtda o’zgartilishi mumkin. Agar kimdir ro’yxatdagi nomlardan birini tanlab kanal ochadigan bo’lsa, mantiqan uning ham butun boshli kanali taqiqlangan kategoriyasiga tushib qolmoqda. Masalan, o’sha ro’yxatda “Savol va javoblar”, “Muhim darslar” bor. Endi Oybek ismli shaxs matematikadan “Savol va Javoblar” degan kanal ochsa, mantiqan uning kanali ro’yxatda nomi mavjudligi uchun ekstremistik hisoblanishi kerakmi yoki yo’q?
Butun boshli kanal yoki sahifani esktremistik deb topish to’g’rimi?
Muayyan materialni ekspertlar tomonidan ko’rib chiqilib jamiyat uchun xavfli deb xulosa berilishi tushunarli. Ammo o’sha kanaldagi ayrim materiallarda diniy-ekstremistik va terrorizmga targ’ib qiluvchi g’oyalar borligi uchun butun kanalni diniy-ekstremistik deb e’lon qilish to’g’rimi? Buning oqibatida tarkibida hech qanday diniy kontent bo’lmagan materialni sababsiz senzura qilgan bo’lmaymizmi?
Agar maqsadimiz xavfli g’oyaga qarshi kurashish bo’lsa, o’sha g’oya aytilgan materialni taqiqlaylik. Shaxslarni emas. Bir xil gap, lekin shu gapni O’zbekistondagi masjidda imom aytsa “yaxshi, foydali material” lekin xuddi shu gap “Silsilaviy darslar va ma’ruzalar”(yoki ro’yxatdagi boshqa biror resurs) kanalida aytilsa “diniy-ekstremistik”. Bir xil matn, ikki xil oqibat sababi nimada? Yoki bizni muammoimiz shaxslar bilanmi?
Biror qilmish uchun jazo qanday belgilanishi kerak?
Huquqshunoslar bilishadiki, jinoyat huquqida “jazoning mutanosibligi” tamoyili mavjud. (Jinoyat Kodeksi 8-moddasida “Odillik prinsipi” deb berilgan. Tushunish oson bo’lishi uchun mutanosiblik so’zini tanladim) Bu jazo sodir etilgan qilmishga mos bo’lishi kerakligini bildiradi. Sodda qilib aytganda, “1 dona non o’g’rilagan odamni o’g’rilik jinoyati qilgan deb 10 yilga qamash” - jazo jinoyatga mutanosib emas. Qonun ijodkorlari sizlarga savol - “Agar sizning farzandingiz diniy-ekstremistik qo’shiqni kimgadir yuborib qo’ysa yoki telefonidagi biror dastur keshida saqlanib qolgan bo’lsa, shu normalardagi jazoni qilmishiga mutanosib deb bilasizmi?”
Norma qachon kuchga kiradi?
To’g’ri, qonunlarda (bu va bu) ekstremizm va terrorizm tushunchalariga ta’rif berilgan. Ammo u tushunchalar juda keng va mavhum bo’lgani bois, amaliyotda biroz boshqacha vaziyat yuzaga keladi.
Birinchidan, biror shaxs diniy-ekstremistik materialni saqlash va/yoki tarqatishda gumonlanib qo’lga olingach, baho berish uchun ekspertlar xulosasi olinadi. Ya’ni A. ismli shaxs biror qo’shiqni tarqatdi, lekin u qo’shiq yuqorida ko’rsatilgan ro’yxatda yo’q. Shunda A. “gumon qilinib” qo’lga olinadi. Ekspert xulosasidan so’ng, ayblov e’lon qilinadi. Bu yerda tushunmaganim, shunda A. ismli shaxsdan biror materialni o’zi diniy-ekstremistik ekanligini bilish uchun ekspert bilimini kutyapmizmi?
Ikkinchidan, umumiy huquqshunoslik faniga ko’ra, norma “orqaga qaytish kuchiga ega emas va ular amalga kiritilganidan keyin yuzaga kelgan ijtimoiy munosabatlarga nisbatan qo‘llaniladi”. (Bu “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risidagi qonun”ning 41-moddasida ham aytilgan). Masalan, hozirda ko’pchilik chakana savdo bilan shug’ulllanadi. Deylik, bugun Parlament tomonidan “chayqovchilik” jinoyat deb e’lon qilindi. Shunda bu qoida endi chayqovchilik qilganlarga nisbatan qo’llaniladi. O’tmishdagi faoliyati uchun yangi norma bilan javobgarlikka tortilmaydi. Xuddi shu vaziyatni diniy-ekstremistik materialga tadbiq qilsak: A. ismli shaxs iyun oyida nashidni tarqatdi. (Qo’shiq Adliya vazirligi ro’yxatida yo’q). A. oktabr oyida ushlandi. Ekspert ham oktabr oyida xulosa berib, ushbu qo’shiqni “diniy-ekstremistik” deb topdi. Shunda yangi norma (agar ekspert xulosasini mantiqan normaga teng deb tushunsak) bilan o’tmishdagi faoliyatni jazolagan bo’lib qolmayapmizmi?
Nima qilmoq kerak?
Diniy-ekstremistik va terrorizmga targ’ib qilish uchun javobgarlik juda ko’plab davlatlarda mavjud. Bu yangilik emas. Haqiqatdan ham bunday jamiyatga xavf soluvchi g’oyalar bilan kurashish kerak.
Avvalo, diniy-ekstremistik va terroristik tushunchalarni aniq (yanada aniqroq) belgilab olib, o’sha materiallar yuklanadigan platformalar bilan hamkorlikni yo’lga qo’yish kerak. Bugungi kunda sun’iy intellekt va ML sharofati bilan bunday kontentlarni filtrlash, chop etmasdanoq taqiqlash qiyin emas. Allaqachon Youtube Yevropa ittifoqi, AQSH qonunchiligi bo’yicha tarkibida terroristik, diniy-ekstremistik, pornografik kontent mavjud materiallarni moderatsiyadan o’tkazmaydi.
Ikkinchidan, agar rostdan ham maqsadimiz diniy-ekstremistik materiallarni tarqatilishini oldini olish bo’lsa, aniq taqiqlangan materiallar ro’yxatini chop qilib boring. Butun boshli kanal yoki shaxsni emas. Masalan, Eshmat she’ri, Toshmat musiqasi asosidagi “Tong otganda” nashidi.
Uchinchidan, jazo ko’lamini yengillatish va bu orqali qilmish va jazo mutanosibligini ta’minlash. Takror sodir etishiga qarab o’sib boradigan moliyaviy jazo balki to’g’ri bo’lar.
Bu masalada yo’nalishni o’zgartirmasak, maqsadimiz diniy-ekstremizm va terrorizmga kurashish bo’lgan holatda, aynan shunday avlodni istamagan holatda yetishtirib qo’yishimiz mumkin.