Nega ayrimlar saylovda qatnashmaydi?
Yaqinda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylovlar bo'lib o'tdi. Avvalgi saylovlardan ko'ra e'tiborni tortgan jihat - saylovchilarning ishtirok etganlik darajasi bo'ldi. Bu yil saylovlarda umumiy saylovchilarning 71,1%i ovoz bergani haqida ma’lumot berildi. Endi esa avvalgi yillardagi statistikaga qarab ko'ramiz:
- 2016 yil (Prezidentlik saylovi) – 87,73%;
- 2015 yil (Prezident) – 91,08%;
- 2014 yil (Parlament saylovi) – 88,94%;
- 2009 yil (Parlament) – 87,8%;
- 2007 yil (Prezident) – 90,6%;
- 2004 yil (Parlament) – 85,1%;
- 2002 yil (Referendum) – 91,58%;
- 2000 yil (Prezident) – 95,1%;
- 1999 yil (Parlament) – 95,03%.
Manba: https://t.me/xushnudbek
Ushbu blogpostda saylovga qatnashmaslik masalasi bo'yicha o'z fikrimni bildirmoqchiman: O'zi saylovda qatnashmaslik qanchalik yomon holat? Boshqa davlatda saylovda qatnashmaslik holati qanday? Saylov bu huquqmi yoki harbiy xizmat singari fuqarolik burchimi?
Bu blogpostni kishilarning ongiga ta'sir qilmasligi, saylovda qatnashish yoki qatnashmaslikka tashviqot(propaganda) bo'lib qolmasligi uchun saylovga qadar yozmagan edim. Endi hech kimga ta'sir qilmasa kerak, har holda keyingi saylovgacha ancha bor :)
Saylovda ishtirok etganlik nima uchun muhim?
Saylovchilarning ishtiroki (Voter turnout) - odatda demokratiya darajasini o'lchashni bildiradigan raqamlardan sanaladi: yuqori ishtirok etganlik foizi fuqarolarning jamiyat boshqaruvida faol qatnashayotganini anglatsa, kam foizda ishtirok etish jamiyatning davlatga ishonchsizligi, befarqlik (komformizm), huquqiy savodxonlikning kamligi sifatida anglashiladi.
Jumladan ko'plab reytinglarda ham saylovchilar ishtiroki muhim omil sifatida qaraladi. Masalan, butunjahon erkinlik reytingi (Freedomhouse)
Men hech qachon saylovda qatnashmaslikka tashviqot qilmoqchi emasman. Albatta, har bir fuqaro o'z yurtining ertangi kelajagini belgilash o'laroq saylovlarda ongli ravishda ishtirok etishi juda yaxshi holat. Ammo demokratiya indeksini saylovchilar foiziga qarab belgilash qanchalik to'g'ri?!
Men bildirmoqchi bo'lgan yagona fikr:
Saylovchilarning yuqori ishtiroki jamiyat boshqaruvi sog'lom, huquqiy savodxon ekanligini anglatmaydi va saylovchilarning kam ishtiroki buning aksini ko'rsatmaydi. Eng muhimi, fuqarolar nima uchun saylovda ishtirok etayotgan va nima uchun qatnashmayotganligini ongli anglashi bundan muhimroq o'lchovdir.
Saylov huquqmi yoki burch?
Turli davlatlar qonunchiligidan kelib chiqsak saylovga turlicha yondoshuv mavjud. AQSHda saylovga burch (duty) sifatida qaraladi, hattoki ayrim davlatlarda saylovda qatnashish majburiy bo'lib, qatnashmaganlik uchun jarima mavjud. (Masalan, Belgiyada).
O'zbekistonda esa, saylov huquqi Kontitutsiyamizning "Siyosiy huquqlar" bobida keltirilgan bo'lib (32-modda), saylov haqida "Fuqarolarning burchlari" bobida (42-57-moddalar) hech qanday norma mavjud emas. Bundan kelib chiqib, O'zbekiston Respublikasida saylov huquqdir, harbiy xizmat yoki soliqlarni vaqtida to'lash singari fuqarolik burchi emas.
Huquq qanday namoyon bo'ladi?
Huquq bu o'z-o'zidan ma'lumki, insonning ixtiyoridagi narsa bo'lib, istasa undan foydalanadi, istamasa yo'q. Buning uchun hech kim malomat qilishi mantiqan to'g'ri bo'lmaydi.
Qolaversa, inson o'z huquqini qanday shaklda namoyon qilishni bilishi ham barcha insonlarda turlicha bo'lishi mumkin. Masalan, kimdir saylovga borib, umuman hech kimga ovoz bermasdan blyutendagi barcha nomzodlar ustiga chizib kelishi mumkin, boshqa odam esa umuman bormasligi mumkin.
Saylovda qatnashmaslik ham aslida siyosiy irodani, fuqaroning o'z qarashlarini davlatga boshqacha shaklda yetkazish deb tushunilishi, menimcha to'g'riroq bo'ladi. Ongli ravishda saylovda qatnashmaslikni men xuddi ko'chada namoyish o'tkazish singari holat deb bilgan bo'lar edim.
Dunyoda vaziyat qanday?
Quyidagi jadvalda yaqinda (5 yillikda) saylov bo'lib o'tgan va "demokratik" davlat deb bilinadigan davlatda saylovchilarning ishtiroki aks ettirilgan. Jadval atayin, kam odam saylovda qatnashishi fojea emasligini ko'rsatish maqsadida quyidan yuqoriga filtrlangan tarzda berildi.
Ko'rib turganimizdek, hamma havas qiladigan anchagina davlatlarda ham saylovchilar ishtiroki juda yuqori emas. Masalan, Yaponiyada 53.65% ro'yxatga olingan saylovchilar ishtirok etgan.
Odamlar nimaga saylovda qatnashmaydilar?
Odamlar nima sababga ko'ra saylovda ishtirok etmasligini quyidagi turlarga bo'lishi mumkin: (Bu shunchaki shaxsiy fikr)
- Qiziqish yo'qligi (befarqlik -komformizm) - bugun ko'pchiligimiz yangiliklarni asosan ijtimoy tarmoqlardan olamiz, ko'pchilikning asosiy vaqti Facebook / Twitter lentasi bo'ylab sayohat qilish bilan o'tadi. Shunchaki, bu ishlar saylovdan muhimroq :)
- Huquqiy savodxonlik pastligi - ayrimlar saylovning asl mohiyatini tushunmasligi. Saylov, davlat hokimiyatining shakllanishi haqida umumiy tasavvur mavjud emasligi;
- Ko'ngilsizlik, hukumatdan ishtiyoqning so'nishi - ayrim kishilarda "shu vaqtgacha ovoz berib nima o'zgardi-yu bundan keyin nimadir o'zgararmidi?!" degan qarash mavjud.
- Siyosiy irodani namoyish etish - ayrim fuqarolar, nomzodlar, siyosiy partiyalar dasturlarida o'z fikr qarashlarini topmaydi. Va bu siyosiy partiyalar o'zining manfaatlarini ilgari surishiga ishonmaydi (shunchaki, bu partiyalar dasturida ularga yoqadigan
- Ishtirok etishi mumkin bo'lmaganlar - Shunchaki, ayrim shaxslarning saylov huquqi vaqtincha cheklangan. Saylov Kodeksiga muvofiq: "Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etmaydi."
Aslida bu mavzuda ko'p yozish mumkin. Baribir ko'pchilik uzun matnni yoqtirmaydi, shuning uchun shu yerda to'xtatamiz :)
Xulosalar:
- Saylovda ishtirok etish juda muhim degan qarashga qattiq yopishib olmaylik. Fuqarolarning nima uchun saylovda ishtirok etishi yoki ishtirok etmasligini ongli ravishda anglashi muhimroq ko'rsatgich. Agar reyting uchun ishlasak, shu vaqtgacha reyting bilan zo'r bo'lib ketmadikku :)
- Saylovda ko'p odamlar ishtirok etishi ayrim vaqtda salbiy holatni ham namoyon etishi mumkin. Odamlar ahvol juda yomonlashsa saylovlarda faol bo'lib qoladilar (masalan, hamma davlatni o'zgartirish kerak degan fikrda bo'lishi saylovga undashishi mumkin) yoki ahvol juda yomon bo'lsa (avtoritar rejimdan qo'rqish natijasida ham faol ishtirok kuzatilishi mumkin);
- Ayrimlar fuqarolarni ularning nomidan ovoz berishlari mumkin (ovozlar qalbakilashtirilishi mumkin degan vaj bilan) saylovda faol bo'lishga undadilar. Bu albatta yaxshi, buning tarafdoriman. Ammo asosiy e'tibor kasalni tuzatishga qaratilishi kerak emasmi? Tizim sog'lom bo'lmasa saylovda qatnashsangiz ham boshqa choralari topiladi (oramizda qo'shimcha blyutenlar chop etgan, yoki blyutenlar almashtirilgan holatlarni biladiganlar bor bo'lsa kerak)
- Agarda tizim sog'lom bo'lsa albatta saylovlarda ishtirok etish muhimligini so'nggi AQSHdagi Prezidentlik saylovlarida ko'rdik - saylovda kam odamlarning qatnashganligi Donald Trumpning g'olib bo'lishiga olib keldi. Valohanki, saylovgacha so'rovnomalarning aksariyatida Demokratlar ustun edi.
- OAV va internet nashrlari aholining nima sababga ko'ra saylovda ishtirok etmaganligi bo'yicha anonim so'rovnomalar o'tkazishsa, alohining saylovdan xabardorligi bo'yicha xolisroq tasavvur paydo bo'lar edi.
P.S. Ushbu post saylovga qarshi targ'ibot sifatida emas, shunchaki "saylovda kam odamning ishtiroki yomon vaziyat emas" degan mazmundagi fikr sifatida ko'rilsin.