Fikrlar
July 7

30 kun sovuq dush: kutilganidan osonroq va foydali

Tasavvur qiling, sahar tongda issiq o'rindan endi turdingiz. Kunni boshlashning eng noqulay varianti nima bo'lishi mumkin?

Jo'mrakni eng sovuqqa burab, dush qabul qilish!

🚀 Qanday boshlandi?

Bunda bir yarim oycha avval sovuq dush haqidagi ma'lumotlarga qiziqib qoldim. Golandiyalik Vim Hof haqidagi bu video va Yoqutistonlik bir guruh kishilarning -50 °C (ha to'g'ri o'qidingiz minus 50 Selsiy sovuq) havoda har kuni ertalab muzda cho'milishi haqidagi videolar qiziqishimni yana orttirdi. Albatta, videolarda juda ekstrim holatlar ko'rsatilgan, ammo o'rtacha odam har kuni issiq dush o'rniga sovuq suvda cho'milish fikri amalga oshirsa bo'ladigan holatdek tuyuldi. O'sha vaqtda "Atom odatlar" kitobini o'qiyotganim bois sovuq dushni odatga aylantirish istagi paydo bo'ldi. Sovuq dushni odatga aylantirish qat'iyat talab qiladi, har qanday investitsiya singari bunda ham keltiradigan foyda xarajatdan ustun bo'lishi lozim. Shu sababli sovuq dushni odatga aylantirish arzirli yoki arzimasligini bilish uchun foydalarini o'rgandim.


☘️Foydalari

So'nggi vaqtlarda sovuq dushning foydalari haqida ko'plab fikrlar bildiriladi. Ulardan ba'zilari ilm-fan tomonidan qo'llab-quvvatlanadi, boshqalari esa yo'q. "Found my fitness" kompaniyasida doktor Ronda Patrik sovuqning tanaga ta'siri bo'yicha hisobot yozgan. Sovuq dushning ilm-fan tomonidan tasdiqlangan afzalliklari:

  • Immunitetni yaxshilaydi;
  • Surunkali og'riqlarni kamaytiradi;
  • Yallig'lanishga qarshi ta'sirga ega;
  • Bu jigarrang yog' miqdorini oshiradi (tanamizda yog'lar 2 turli: jigarrang va oq. Jigarrang yog'lar foydali yog'lar bo'lib, oq yog'lar zararli - semizlikka olib keladi)
  • RBM3 deb nomlanuvchi tanamizning maxsus sovuq qarshi oqsilini rag'batlantirish orqali neyroprotektiv ta'sirni kuchaytiradi.

Ilmiy tasdiqlanmagan bo'lsa-da ko'pchilik tomonidan tasdiqlangan yana boshqa foydalar ham bor:

  • Stressni kamaytiradi - doimiy sovuq dush miyaga kichik stress yuborishi hisobiga kattaroq stresslarga chidamli qiladi. Boshning sovuq bo'lishi - stressni yengishga yordam beradi. Sobiq KGBning mashhur shiori borku - "Qo'ling toza, qalbing qaynoq, boshing sovuq bo'lsin" :)
  • Ogohlik, reaksiyani oshiradi - Tanadagi sovuq chuqurroq nafas olishga undaydi, diqqatni jamlashga yodam beradi;
  • Irodani kuchaytiradi - ongli ravishda sovuq suvga o'zingizni tutganingizdan so'ng, hayotdagi boshqa qiyinchiliklar, ikkilanishli vaziyatlarda ham iroda, qat'iyat bilan javob qaytarish malakasini shakllantiradi;
  • Vazn yo'qotishga yordam beradi - Sovuqqa reaksiya bildirish uchun tana energiya sarflashi hisobiga ortiqcha yog'lar eriydi

Xullas, ozgina izlanish qilgach, sovuq dushni kundalik hayotimning bir qismiga aylantirishga qaror qildim. Ham "Atom odatlar" kitobida o'rgangan usullarni sinab ko'rish uchun ajoyib imkoniyat edi.


🚿
Dastlabki kunlar ...

Ilk marta sovuq dushga tushganimda oson bo'lmadi :) Ammo birozdan so'ng tana moslasha boshladi. Tanamizga biror narsa yoqmasa, uni qilmaslik uchun hayolga har xil bahonalar kelaveradi. Qaysidir kuni shu bahonalar pand bermasligi uchun ayrim qoidalarni belgilab oldim:

  • 30 kun davomida sinov muddatini belgiladim. Agar 30 kunda o'rgansam yaxshi, agar 30 kunda ham o'rganaolmasam voz kechaman. Ammo 30 kun chidash kerak. Orada uzilishlar bo'lmasligi uchun 30 kunlik jadval tayyorlab oldim, har kuni belgilab bordim:
  • Sovuq dushni har kuni ertalab qilinadigan boshqa odatlar tarkibiga kiritdim. Dush odatiy tonggi kun tartibining o'rtasiga qo'shilgan. Buning foydasi shuki, har kuni qilinadigan ishlar aniq belgilangani bois ongda "endi nima qilaman", "bugun dush qilmasam bo'laveradi" degan hayollar kelmaydi. Xullas ertalabki kun tartib quyidagicha:
    • Uyg'onaman va 1 stakan suv ichaman;
    • Tahorat olish va namoz;
    • 20 ta "otjimaniye" mashqi;
    • 2 km ko'chada tonggi sayr;
    • sovuq dush;
    • kunlik ishlarni belgilab olish, kalendarni ko'zdan kechirish.

30 kun tez o'tdi. Boshlanishida sovuq suvdan badan junjikkan bo'lsa, vaqt o'tgan sari moslashib bordi. har kuni 2 mahal dushga tushaman - jami 60 marta sovuq dush qildim. Shu bois moslashish jarayoni biroz tez bo'ldi.


💪
Natija qanday?

30 kunlik muntazam tajribadan keyin o'zim his qilgan natijalarni aytolaman. Bu vaqt davomida sovuq dushdan tashqari yugurishni ham ko'paytirdim. Azaldan doimiy yugursamda, o'tgan 30 kunda miqdorni oshirdim, shu boisdan foydalar aynan faqat sovuq dush orqali deb da'vo qilaolmayman. Xullas, nazarimda quyidagi foydalar bo'ldi:

  • O'zimni har qachongidan tetik va sog'lom his qila boshladim;
  • Chidamlilik ortdi. Hozir ikkilanmasdan sovuq havoga bemalol chiqaolaman, yomg'irda yuguraolaman va hkz.
  • bir necha daqiqada to'liq tetik holatga kelaman. Sovuq dush tetiklikni ta'minlashda menga kofedan yaxshiroq ta'sir qilyapti.
  • Vazn kamaydi. 1 oy avval 75 kg edim, hozir - 72 kg.

Keyingi rejalar...

1 oylik tajriba tugadi. Endi nima bo'ladi degan savol tug'iladi. Sovuq dushning foydalarini his qilganim sababli, buni doimiy odatga aylantirishga qaror qildim. 30 kun odat shakllanishi uchun yetarli emas. Shu bois hozir sovuq dushga ikkilanmasdan tushaman deyolmayman. Tadqiqotga ko'ra, odat shakllanishi o'rtacha 66 kun ekan. Demak davom etamiz.

Youtubeda sovuq muzlarda yuradigan, tanasini shu darajada chiniqtirgan kishilarni ko'rib havasim keldi. Hali jiddiy qaror qilmadim, ammo muz vannani ham sinab ko'rish va keyinroq odatga aylantirish fikri ham yo'q emas.

P.S. Sovuq dush hamma uchun emas. Hammaning sog'lik holati va sharoiti har xil. Bu maqolani hamma sovuq dush qabul qilishi kerak degan maslahat sifatida qabul qilmang. Ammo sog'ligingiz ko'tarsa va o'zingizni chiniqtirmoqchi hamda yuqorida aytilgan foydalarni sinab ko'rmoqchi bo'lsangiz, sovuq dush - kun tartibining bir qismiga aylantirish uchun ajoyib nomzod! 🥶 ❄️