Qanday qilib RHCA(Red Hat Certified Architect) bo'ldim?
Men ishlaydigan kompaniyaning xodimlariga bergan imkoniyatlaridan biri - bepul ta'lim olish imkoniyati. Kasbim "System Administrator" bo'lganligi sababli kompaniya RedHat onlayn ta'lim platformasining a'zoligini olib bergan. Doimiy o'z ustida ishlash, o'rganish har qanday professional kasb egasi uchun muhim, shu boisdan men ham bu imkoniyatdan unumli foydalanishni reja qildim. Aks holatda RedHat ta'lim portali ko'pchilikka qimmatlik qiladi.
Meni taniydiganlar bilishadi, men oliy ma'lumotni yuridik soha bo'yicha olganman, shu bois "Red Hat Certified Architect" (RHCA) darajasini olish uchun qanday qiyinchiliklar borligi haqida to'liq tasavvurga ega emas edim. Ushbu blogpostda sayohat boshidan RHCA olgunimgacha bo'lgan yo'lni hikoya qilmoqchiman.
"Red Hat Certified Architect" nima?
Ushbu Wikipediyadagi maqolada RedHat sertikatlash dasturi haqida batafsil ma'lumot berilgan. Qisqa qilib aytganda RedHat Linux operatsion tizimi uchun kompaniyalarga IT infrastrukturani boshqarish imkoniyatini beradigan dasturlar, operatsion tizimlar ishlab chiqadigan kompaniya. (Dunyoning ko'p joylarida "Centos"ni yaxshi bilishadi). RedHat o'zining mahsulotlarini ishlatishni o'rgatish uchun sertifikatlash tizimini tashkil qilgan. Sayohat RHCSA(Red Hat Certified System Administrator) va RHCE (Red Hat Certified Engineer) olish bilan boshlanadi. RHCE bo'lgandan keyin, RHCA darajasini qo'lga kiritirish uchun istalgan ixtisoslashgan 5 ta imtihondan o'tish kerak bo'ladi. Quyidagi rasmda men o'tgan imtihonlar ko'rsatilgan:
Agar RedHat sertifikatlari haqida batafsil ma'lumot olmoqchi bo'lsangiz, bu yerda batafsil tushuntirilgan.
Arziydimi?
Aslida biror sertifikat yoki diplom nimgadir arziydi yoki arzimaydi deb aytish qiyin. Shaxsan men insonning bilimi, malakasi qandaydir qog'ozga qarab o'lchanishiga qarshiman. Ammo menimcha Redhat sertikatlari quyidagi sabablarga ko'ra vaqt sarflashga arziydi:
- RedHat operatsion tizimi deyarli barcha S&P 500 kompaniyalarida ishlatiladi. Sertikatlarga ega bo'lish shu kompaniyalarda ishga kirishga yordam berishi mumkin;
- RHCAga erishganlar soni ko'p emas(maqola yozilayotgan vaqtda AQSHda 54ta ko'rsatilgan);
- Ishga topshirilayotganlar uchun resumeni chiroyli ko'rsatadi, malaka, bilim teng kelib qolganda sertifikatning borligi turtki bo'lishi mumkin;
- Chet elda bo'lganlar AQSHga ishchi vizasi olmoqchi bo'lsa bunday sertikatning borligi yordam berishi mumkin;
- RedHat imtihonlari amaliy, ya'ni imtihonda savol emas, topshiriqlar beriladi. Imtihondan o'tish o'zingizga ishonchni oshiradi.
Men uchun yana quyidagi sabablar ham imtihonga tayyorlanishimga turtki bo'ldi:
- Mustaqil xarid qilinganda imtihonlar topshirish arzon emas (har biri 400$), ishxonamning to'lab berishi men uchun tekin imkoniyat yaratdi;
- Imtihonsiz ham doimiy o'rganib borishga harakat qilaman, imtihon biror kursni yakunlaganimda qandaydir yakunlaganlik hissini beradi;
- ITda ishlasamda lekin tasdiqlaydigan qandaydir "qog'oz hujjat"im yo'q :( Oliy ma'lumotim - yurisprudensiya bo'yicha), bu ham imkoni bo'lganda shu qog'ozni olib qo'ysam yaxshi bo'ladi deb o'yladim;
- 2020-yilda masofadan ishlashimiz, karantin bo'sh vaqt paydo qildi.
RHSCA: ilk imtihon
RHCSA uchun ilk imtihonni hozirga ishga kirmasimdan avval topshirganman. Sohada yangi bo'lganligim sababli oson bo'lgan deyaolmayman. Shu sertifikatni olishim ham ishga kirishimga yordam bergan:
RHSCA imtihoni asosan Linux operatsion tizimi adminstratori uchun muhim bo'lgan malakalarni tekshiradi: filetizimlari, protsesslarni boshqarish, Selinux, ACL va hkz.
Yiqilganni yer ko'taradi
Ishga kirgan vaqtlarimda "ansible" RedHat tomonidan sotib olingan, sekin-asta ommalashib borayotgan edi. Ansible sodda bo'lgani bois - menga o'xshagan "novichok" uchun o'rganish qiyin bo'lmadi, ham jamoamizda ansible bo'yicha kuchli xodim yo'q edi. Balki shu orqali biror yo'nalishda chuqur bilimli bo'lib, o'rin topishga intilgan bo'lsam ham kerak. Ansibleda ko'p proyektlar qildim, o'zimcha yaxshi o'rgandim deb o'yladim. RedHatning traininglarida ham o'qidim, keyin o'tgan yili (2019-yil) imtihon topshirdim, ammo o'taolmadim :(
Shundan so'ng biroz tanaffus bo'ldi, qandaydir yana yiqilishdan cho'chib qoldim, keyin bu yil o'sha imtihonning takomillashgan varianti - EX294ni topshirdim va shu orqali RHCE darajasiga ega bo'ldim.
Tepalikka chiqa boshlaymiz
RHCE bo'lganimdan so'ng men e'tiborimni Architect darajasini olishga qaratdim. Bo'sh vaqtim bo'lganligi bois har 1-1.5 oyda yangi imtihonga tayyorlanishni maqsad qildim.
Birinchi imtihon EX447 bo'ldi. Bu imtihon "Red Hat Certified Specialist in Ansible Best Practices" deb nomlanib asosan Ansible Tower va ansibleda murakkabroq vazifalarni yechishni sinaydi.
Biz ishxonada RedHat Satellitedan foydalanamiz, men Satellite bo'yicha 2-SME (Subject Matter Expert)man, anchadan buyon Satellitedan foydalanishim sababli ham boshqa yangi imkoniyatlarini o'rganish uchun keyingi 2 ta imtihon Satellitega oid bo'ldi: EX403 ( Red Hat Certified Specialist in Deployment and Systems Management) va EX405 (Red Hat Certified Specialist in Configuration Management).
Oktabr oyida menda RHCA bo'lish uchun 2ta sertifikat yetmayotgan edi. Keyingisi sifatida EX415 (Red Hat Certified Specialist in Security: Linux)ni tanladim. "System admin" bo'lib ishlaganlar bilishadi, deyarli ko'pchilik kompaniyada Selinux "permissive" holatda turadi, selinux juda foydali bo'sa-da deyarli ishlatilmaydi, aynan shu Selinuxdan qo'rquvni yengish shu imtihonni tanlashimga turtki bo'ldi. Imtihon mavzularida boshqa narsalar ham bor - asosan xavfsizlikka oid.
Yaqinda, 2 hafta oldin bir yil avval yiqilgan imtihonni qayta topshirishga qasd qildim. Ansible bo'yicha o'zimcha "expert" his qilib unchalik ko'p vaqt sarflamadim - 1 haftacha tayyorlandim xolos. Alhamdulillah, o'tdim. Shu bilan RHCAgacha bo'lgan sayohat tugadi. Jami 6 oy vaqt ketdi 5 ta imtihondan o'tish uchun. Barcha men olgan RedHat sertifikatlar bilan quyidagi sahifada tanishish mumkin.
Keyingi qadamlar
RHCA darajasi abadiy emas. Ushbu sahifada qanday qilib RHCA darajasini saqlab turish haqida yozilgan. Men RHCA darajasida turishim uchun doim RHCEdan tashqari 5 ta muddati tugamagan 5 ta ixtisoslik sertikatlariga ega bo'lishim kerak. Ya'ni hozirgi 5 ta sertikatim muddati tugagach ( 3 yil muddatga berilgan) RHCA maqomini saqlab qolish uchun har uch yilda beshta imtihon topshirishim kerak. Bular ilgari topshirgan beshta imtihon yoki RHCA-ga mos keladigan boshqa yangi imtihon ham bo'lishi mumkin.
Ishxonam doimiy "Red Hat Learning Subscription" obunasini saqlab qoladi va 3 yildan keyin ham sertikatlarni yangilash imkoniyati bo'ladi deb umid qilaman :)
Siz IT sohasidagi sertikatlar haqida qanday fikrdasiz? Sizningcha ITda sertikatlarga ega bo'lish muvaffaqiyatga yordam beradimi? Firklaringizni qoldiring.