Kichik o’zgarish orqali katta natijalar | Jeyms Klirning “Atom odatlar” kitobi
Ushbu kitob menga odatlar qanday shakllanishi, arzimas bo'lib tuyulgan kichik odatlar katta maqsadlarni amalga oshirish uchun asosiy omil bo'lishini, uzoq vaqt davom etadigan odatlarning tarkibi bo'lgan ishoralar, kuchli ishtiyoq, javob reaksiyasi, mukofotlar zanjirini o'rgatdi.
⚛️ Atom odatlar nima?
Atom - zarra, odat - biror holatga javoban o'ylamasdan avtomatik bajariladigan harakat.
- Xona qorong'u, o'ylamasdan chiroq qidiramiz;
- Telefon/Telegram signal beradi, avtomatik xabarni ochamiz.
Odat sodir bo'lishi 4 qismdan iborat:
Telefon jiringlaydi(ishora) > kim xabar yozganini bilishni istaysiz(ishtiyoq) > telefonni olib, xabarni o'qiysiz(javob reaksiya) > Siz xabarni o'qib, nima yozilganini bilib olasiz (mukofot). Natijada Telefonni olish uni jiringlashiga bog'lanadi. Har safar telefon jiringlaganda yuqoridagi harakatni o'ylamasdan amalga oshiramiz.
Biror harakatni odatga aylantirishning foydasi nimada?
Odatga aylangan harakatni amalga oshirish uchun ong deyarli ishtirok etmaydi. Ishora paydo bo'lishi bilan harakatga tushamiz. Bu esa aql kuchimizni muhimroq masalalarga ajratishga imkon beradi. Jarroh ko'p takrorlash natijasida qanday qilib terini kesishni o'ylamaydi, qo'l xotirasi skalper berilishi bilan avtomatik ishga tushadi, natijada jarroh kesilish jarayonida kelib chiqqadigan holatlarga diqqatini qaratishi mumkin. Yoki erta tongda turishni odatga aylantirgan kishi har kuni "bugun tursammi yoki uxlasammi" degan savollar bilan mashg'ul bo'lmaydi, shunchaki ishora bo'lishi bilan tanamiz xotirada yozilgan harakatni (o'rindan turish)ni bajaradi.
🚀 Kitob bo'yicha qisqacha 4 xulosa:
- Har kungi kichik odatlar murakkab foiz shaklida o'sib, buyuk natijalarga olib keladi - haqiqiy o'zgarishga sabab bo'ladi.
- Maqsadlarimizga yetish uchun avvalo odatlar va jarayonlardan iborat tizim qurishimiz kerak. Biror marrani emas, tizimni yaxshi ko'rish muhimroq. (Yugurish musobaqasida g'olib bo'lish - maqsad, sog'lom turmush tarzi - tizim)
- Yaxshi yoki yomon bo'lsin odatlar paydo bo'lishi vaqt talab qiladi, shu sababli ko'p kishilar yarim yo'lda voz kechadi.
- Har kim yaxshi odatlarni to'g'ri yo'nalish asosida shakllantirishi, yomon odatlardan voz kechishi mumkin;
🎨 Taassurotlar
Kitob kutganimdek yaxshi yozilgan. Har doim takrorlaydigan odatlarni qayta ko'rib chiqishni o'rgatdi. Shu vaqtga qadar nima uchun o'zim xohlagan odatlarni shakllantiraolmaganim, yomon odatlarni tark etaolmaganim sabablarini, diqqatni maqsadga emas tizimlarga qaratish muhimligini tushundim. Kichik odatlarni shakllantirish orqali katta yoki kichik bo'lsin har qanday maqsadimizga erishaolishimizni angladim.
👤Kitobni kimlar o'qishi kerak?
Har bir insonning anglagan, anglamagan odatlari bor. Kitob inson xulq-atvori, odatlar haqida bo'lgani bois har qanday kishi nimadir foyda oladi. Ayniqsa quyidagi kishilar uchun tavsiya qilaman:
- Rejalar, maqsadlar asosida yashashga intiladiganlar uchun;
- Biror yomon odatdan qutulishni xohlovchi, ammo qanday qilishni bilmayotganlar;
- Katta hayot ostonasida turgan, hayotini to'g'ri tizimlashtirishni istovchi yoshlar.
🌻 Hayotimda qanday o'zgarishlar bo'ldi?
- Kitob kundalik hayotimga qayta nazar tashlashga, foydali odatlarni qo'shishga yordam berdi. (Har kuni yugurish, erta turish, sovuq dush qabul qilish odatlarini shakllantirishni boshladim);
- Bundan buyon biror xulq-atvorni o'zgartiroqchi/shaklantirmoqchi bo'lsam, diqqatimni natijaga emas, kimlikni belgilab beradigan tizimga qarataman. Tizim maqsaddan ko'ra muhimroq. Marafonda g'olib bo'lishni maqsad qilgan kishi yutgach qayta yugurishga ishtiyoqini yo'qotadi, ammo yugurishni hayotining bir qismiga aylantirgan kishi marafon yutsa, yutmasa yuguraveradi.
- Biror odatni vaqtida yoqmasa ham bajarish muhimligini angladim, hech qanday o'zgarish bo'lmasada odatlar zanjirini yo'qotmaslik uchun baribir bajarish kerkaligini tushundim.
- Hayotda fors-major holatlar bo'ladi. Biror kun qaysidir odatni tark qilish ehtimolligi yo'q emas, ammo bu odat zanjirini buzishiga yo'l qo'ymaslik kerak. "Tark etish hech qachon 2 marta ketma-ket emas" qoidasini o'rgandim, buni tadbiq qilishga harakat qilyapman.
- Kitobni o'qib avval e'tibor bermagan ko'p odatlarimni his qilyapman. Har qanday takrorlanadigan(yaxshi yoki yomon) kichik harakat vaqt o'tib odatga aylanadi va foydamizga yoki zararimizga ishlaydi.
- Odatlarimni nazorat qilib borish uchun quyidagi ko'rinishdagi jadval tuzdim:
✍️ Kitobdan yoqqan fikrlar/iqtiboslar
Maqsadlar - erishilmoqchi bo'lgan yakuniy natija. Tizim esa (jarayon davomida) natijaga olib boradigan jarayonlardir.
Vaqt - muvaffaqiyat va mag'lubiyat o'rtasidagi chegara. Siz qaysi tomonga harakatlansangiz o'sha tomonga yaqinlashaverasiz. Yaxshi odatlar vaqtni sizning ittifoqdoshingizga aylantiradi. Yomon odatlar vaqtni dushmanga aylantiradi.
Yangi odat boshlayotganda uni imkon qadar oson qilish muhim, shunda mukammal sharoit bo'lmaganda ham qilmaslik uchun bahona qolmaydi;
Har bir harakatingiz o'zingiz orzu qiladigan kishi bo'lish uchun berilgan ovozdir. ("Every action you take is a vote for the person you wish to become.")
Nimani takrorlasangiz, shunga ega bo'lasiz ("You get what you repeat.")
Maqsadning mohiyati o'yinda g'olib bo'lish, Tizimning mohiyati esa o'yinda davom etishdir(g'olib bo'lsa, bo'lmasa) (The purpose of setting goals is to win the game. The purpose of building systems is to continue playing the game."
📒 Qaydlar
Odatlar - o'z-o'zini takomillashtirishning murakkab foiz shaklida ko'payishidir. (Odatni har safar takrorlaganimizda kamolot sari karrasiga yaqinlashamiz.
Odatlar zararimizga ham ishlaydi. Har kuni biror kichik mayda yomon odatlarni 1 % dan takrorlaganimizda hammasi kun sayin yig'ilib oqibatda katta zarar keltiradi. Har kuni 1 marta sigaret chekish ayni vaqtda tanada jiddiy o'zgarish keltirmaydi, ammo yillar davomida yig'ilib o'limga ham olib kelishi mumkin.
🧑⚖️ Xulq-atvor o'zgarishining 4 ta qonuniyati bo'lib, ular yaxshi odatlarni shakllantiradi va yomon odatlarni yo'qotadi.
Muayyan odat 4 elementdan iborat: ishora > kuchli istak > javob reaksiyasi > mukofot. 4 elementga mutanosib tarzda, biror harakat/maqsadni odatga aylantirish uchun quyidagi 4 qonuniyatdan foydalanish kerak:
1. Ko'zga tashlanadigan/oson payqaladigan qiling - Ishora ishtiyoqni vujudga keltirishi uchun uni imkon qadar oson payqaladigan qiling. Masalan, men har kuni ertalab suv ichishni odatga aylantirish uchun ishora sifatida uyg'onganda ko'zga tashlanishi uchun stakan va suvni yaqindagi stolga qo'yaman. Ertalab stakananni ko'rishim bilan suv ichish ishtiyoqi uyg'onadi.
Ushbu qonuniyat asosida amaliy tavsiyalar:
Yaxshi odatlarni shakllantirish uchun:
- Shakllantirmoqchi bo'lgan odatni aniq belgilab oling: "Men har kuni [ANI VAQT]da, [JOYDA] [ODAT]ni qilaman". > "Men har kuni ertalab uyg'onishim bilan kravatim yonida 1 stakan suv ichaman"
- Odatlarni ketma-ketlikda bir-biriga bog'lang. Shunda 1 odatni qilish navbatdagi odatga ishora beradi. Masalan, ertalab 1 stakan suv ichgandan KEYIN, tahorat olaman.
- Atrof muhitingizni odatlaringiz oson qilinishi uchun o'zgartiring.
Yomon odatlarni tark etish uchun:
- Yomon odatga signal beradigan ishoralarni kamaytiring. Masalan, ovqatlanish vaqtida telefonga qaramaslik uchun uni ovozini o'chirib, uzoqroqqa qo'yish mumkin.
2. Jozibali / o'ziga tortadigan qiling - Agar shaklantirmoqchi bo'lgan odatingiz o'ziga tortadigan bo'lmasa, ongda uni qilishga kuchli xohish paydo qilmasa, uni takrorlashga bo'lgan irodamiz uzoqqa yetmaydi. Shu sababli uni jozibali qilish yo'llarini o'ylab topishingiz kerak. O'zimdan misol: har kuni yugurish davomida MTRKning audiokitoblari, radioteatrlarni eshitaman. Har kuni keyingi epizodni eshitish ishtiyoqi yugurish odatini jozibali qiladi.
Ushbu qonuniyat asosida amaliy tavsiyalar:
Yaxshi odatlarni shakllantirish uchun:
- Odatlar ketma-ketligidan foydalanib o'zingiz xohlab bajaradigan odatlarni shakllantirmoqchi bo'lgan odatga bog'lab qo'ying. Har safar biror qiyin odatdan so'ng sevib bajariladigan odatni qiling. Masalan, "30 daqiqalik kitob o'qigach, 1 dona shokolad yeyman" va hkz.
- Shaklantirmoqchi bo'lgan odatingiz doimiy hayot tarzining tarkibi bo'lgan jamoaga qo'shiling. Kitob klubiga qo'shishilish kitob o'qishni jozibali qilsa, namozxon do'stlar ibodatni jozibali bo'lishiga sabab bo'ladi. ("Do'sting kinglini ayt, men kimligingni aytaman" degan maqolaga mos tushar ekan shu tavsiya :))
Yomon odatlarni tark etish uchun:
- Yomon odat jozibasini yo'qotish uchun har safar qilishdan avval ovoz chiqarib uning zararini takrorlang.
3. Osonlashtiring - Shaklantirmoqchi bo'lgan odat qanchalik oson bo'lsa, uni bajarish ehtimolligi shuncha ortadi. Ko'pchilik birdaniga eng ideal holatdan boshlaymiz, natijada o'zimizni qiynab qo'yamiz, ongimizda bu odat qiynalish bilan bog'lanib qoladi. Yugurishni odatga aylantirmoqchi bo'lgan odam dastlab 500 metr piyoda yurishni odatga aylantirishi kerak. Piyoda yurish odatga aylangach, sekin-asta darajani oshirish mumkin.
Ushbu qonuniyat asosida amaliy tavsiyalar:
Yaxshi odatlarni shakllantirish uchun:
- Atrof muhitni yaxshi odatni qilish oson bo'lishi uchun moslashtiring;
- "2 daqiqa qoidasi"dan foydalaning - yangi shakllantirmoqchi bo'lgan odatniqilish 2 daqiqadan oshmasin.
- Odatni majburiy qilish uchun "odat shartnomasi" tuzing. Kim bilandir kelishuv tuzib, shu odatni qilmasangiz, javobgarlikni belgilab qo'ying
Yomon odatlarni tark etish uchun:
- Odatga yetib borishni qiyinlashtiring. O'zingizga qaysidir yaxshi odatlarni qilsamgina bu yomon odatni qilishim mumkin deb shart qo'ying. Masalan, 30 daqiqa kitob o'qisam, 4 km piyoda yursam keyin youtubega kirishim mumkin va hkz.
4. Rag'bat/Mukofot oladigan qiling - Ongimiz biror harakatdan so'ng shu zahoti mukofot olishga moslashgan. Ong uzoq muddatli rag'batdan qisqa muddatli rag'batni ustun qo'yadi. Chekish uzoq muddatda zararligini bilsak-da ayni vaqtda asablarni tinchlantirgani uchun baribir chekamiz(bu yolg'on tushuncha ekanligi alohida mavzu). Shirin ovqatni ko'p yeyish zararlini bilsakda, ayni vaqtda maza qilganimiz uchun yeyaveramiz va hkz.
Ushbu qonuniyat asosida amaliy tavsiyalar:
Yaxshi odatlarni shakllantirish uchun:
- Yaxshi odatni qilgach o'zingizni mukofotlang;
- Odatlarni qayd qilib borish jadvalini yuriting;
- Hech qachon 2 marta tark etmang. Biror kun qaysidir odatni tark qilish mumkin, ammo shu 1 kun odat zanjirini buzishiga yo'l qo'ymasin.
Yomon odatlarni tark etish uchun:
- Yomon odat uchun rag'bat o'rniga jarima belgilang. Masalan har safar sigaret chekkanda 1$ alohida plastikka pul o'tkazishingiz mumkin. Yig'ilgan pulni esa o'zingizga yoqqan narsani sotib olsihga sarflaysiz. Faqat qoida tuzib unga qattiq amal qilish kerak.
- "Odat shartnomasi" tuzing. Kim bilandir kelishuv tuzib shu odatni qilsangiz, javobgarlikni belgilab qo'ying.
⏳Yaxshi odatni shakllantirish, yomon odatni tark qilish birdaniga sodir bo'lmaydi. Odat shakllanishi vaqt talab qiladi. Bu bois ko'pchilik yarim yo'lda voz kechadilar
Vaqt muvaffaqiyat va mag'lubiyat o'rtasidagi chegaradir. Siz qaysi tomonga harakatlansangiz o'sha tomonga yaqinlashaverasiz. Yaxshi odatlar vaqtni sizning ittifoqdoshingizga aylantiradi. Yomon odatlar vaqtni dushmanga aylantiradi.
Agar yaxshi odatni shakllantirish va/yoki yomon odatni tark qilishga qiynalayotgan bo'lsangiz bu sizning matonatsiz, chidamsiz ekaningizdan emas, balki ayni vaqtda latent potensial vodiysida(yashirin salohiyat vodiysi) ekanligingizdadir.
Latent potensial vodiysi - odat shakllanishi davomida tashqi natija ko'rinmaydigan davr. Muzlatgichdan muzni olganimizda biroz muddat u erimasdan turadi, garchi harorat o'zgarmasa ham birozdan so'ng erishni boshlaydi, ana shu muzlamasdan turgan vaqt - "latent potensial vodiysi" deyiladi. Sizning mehnatingiz samarasiz ketgani yo'q, shunchaki keyinroq katta natija ko'rsatish uchun potensial yig'ilmoqda xolos. Kitobdan shu haqida jamoat faoli Jeykob Riisdan iqtibos bor:
“Hech narsa oldinga siljimayotgandek tuyulsa, men borib, toshni bolg'a bilan urayotgan toshkesuvchiga qarayman, dastlabki yuz zarbada yoriqlar ko'rinmaydi. Biroq, yuz birinchi zarbada u ikkiga bo'linadi va men toshni aynan oxirgi zarba emas, balki oldingi zarbalar yorganini bilaman"
⚙️ Diqqatni maqsadga erishishga emas, tizim shaklantirishga qarating
Maqsad erishmoqchi bo'lgan natijalarni anglatsa, tizim bu natijalarga olib keladigan jarayonlarni bildiradi.
Har qanday sportda maqsad - yuqori ball olib g'olib bo'lish, ammo butun o‘yinni tabloga tikilib o‘tkazish kulgili bo‘lardi. Muvaffaqiyat qozonishning yagona yo'li - har kuni ozginadan yaxshiroq bo'lish. Agar siz yaxshi natijalarga erishmoqchi bo'lsangiz, maqsadlarga diqqatni qaratmang, o'rniga tizimingizga e'tibor bering. Maqsad o'z-o'zidan, yo'l-yo'lakay amalga oshaveradi.
Bu bilan "maqsad kerak emas" demoqchi emasman, maqsadlar yo'nalishni belgilash uchun yaxshi, lekin tizimlar taraqqiyot uchun eng to'g'ri yo'ldir.
Tadbirkorlikda misol: asosiy e'tiboringizni marketingga qaratib, mahsulot sifatiga e'tibor bermasangiz biroz vaqtdan so'ng xaridorlarni yo'qotasiz. Ammo aksincha yo'l tutsangiz - diqqatni mahsulot / xizmat sifatiga qaratsangiz, "sarafon radiosi" effekti natijasida sekin-asta murakkab foiz shaklida faoliyatingiz o'saveradi.
Marralarni belgilashdan maqsad - o'yinda g'alaba qozonishdir. Tizimlarni qurishdan maqsad - o'yinni davom ettirishdir. Haqiqiy uzoq muddatli fikrlash - maqsadsiz fikrlashdir. Bu biror-bir yutuq haqida emas, balki davomiy takomillashtirish, davomiy o'rganish sikli haqida o'ylashni bildiradi.
Maqsadlarimiz darajasiga ko'tarilaolmaymiz, balki tizimlarimiz darajasiga tushamiz.
🪞 Yaxshi odatlarni shakllantirish uchun ularni shaxsiyatingiz / kimligingizning bir qismiga aylantiring
Odatlarimiz - shaxsiyatimizning bir qismi. Shu bois biror odatni shaklantirish uchun avval shaxsiyatimizga qabul qilishimiz kerak. Ko'pchiligimiz buni teskari tushunamiz - biz natijalardan boshlaymiz va natija shaxsiyatga olib boradi deb hisoblaymiz. Ammo odat bizning shaxsiyatimiz, kimligimizdan kelib chiqsa, u ichki motivatsiyaning eng yaxshi shakli bo'lib xizmat qiladi. Masalan, 2 insonga sigaret taklif qilsangiz ikkalasi 2 xil javob beradi:
- "Rahmat, men chekmayman" - ya'ni shaxsiyatimda chekuvchilik yo'q. (shaxsiyat > natija)
- "Rahmat, chekmayman. Men chekishni tashlashga harakat qilyapman" - ya'ni o'zi chekuvchiman, faqat hozir chekishni tashlashga harakat qilyapman, ammo chekuvchilik shaxsiyatimda bor, qachondir chekishni tashlasam chekmaydigan insonga aylanarman (natija > shaxsiyat)
Har bir harakat tizimi / odat ortida shaxsiyatlar mavjud. To'g'ri shaxiyatni shaklantirishga misollar:
- Maqsad - kitob o'qish emas, maqsad - kitobxon bo'lish;
- Maqsad - marafonda yugurish emas, maqsad - yuguruvchi bo'lish;
- Maqsad - namoz o'quvchi emas, maqsad - namozxon bo'lish.
Ko'pchiligimiz ongimizda o'zimizni qaysidir salbiy shaxsiyatga bog'lab qo'yganmiz:
- "Men sportchi emasman";
- "Men namozxon emasman";
- "Matematika men uchun emas, matematikani tushunmayman";
- "Kompyuterni tushunmayman, bular yangi narsada, biz tushunmaymiz"
Yillar davomida ongimiz quloqlarimiz ostida biz mansub bo'lgan shaxsiyatlarni shivirlab tursa, sekin-asta odatlarimiz ham shunga mos shakllanadi(yaxshisi ham yomoni ham)
Odatlarga rioya qilmasligimizning asl sababi - o'zingizni ana shu odat tegishli bo'lgan shaxsiyat bilan bog'layolmasligimizdir. Taraqqiyot o'rganishni talab qiladi. O'zimizning eng yaxshi versiyamiz bo'lish doimiy ravishda shaxsiyatimiz, kimligimizni savolga tutishni, ularni yangilash va kengaytirishni talab qiladi. Hech kim tug'ilganida muayyan shaxsiyat, kimlik bilan tug'ilmaydi. Biz ularni yillar davomida shakllantiramiz. Demak tajriba, takrorlash orqali ularni o'zgartiraolamiz.
Har bir odat shaxsiyat, kimlik taklif qiladi. Agar siz bir kitobni tugatgan bo'lsangiz, ehtimol siz o'qishni yaxshi ko'radigan odamsiz. Agar siz sport zaliga boradigan bo'lsangiz, ehtimol siz jismoniy mashqlarni yaxshi ko'radigan odamsiz. Har kuni bomdod namoziga masjidga boradigan bo'lsangiz, erta turadigan odamsiz va hokazo.
Har bir harakatingiz o'zingiz orzu qiladigan kishi bo'lish uchun berilgan ovozdir. ("Every action you take is a vote for the person you wish to become.")
Odatni shaklantirish - bu butun hayotni "layfhaklar" (lifehacks) bilan o'tkazish emas. Bu ko'proq pul topish, boy bo'lish yoki boshqalarga yaxshi ko'rinish haqida emas. Albatta yo'l-yo'lakay yaxshi odatlar bularga ham erishishga yordam beradi. Ammo eng muhimi - odatlar kim / qanday inson bo'lishimizni belgilaydi.
Biror odatni o'zlashtirishning birinchi sharti - uni qanday qilishni aniq belgilashdir.
2001-yilda Britaniyada 248 ta odamni 3 guruhga bo'lib, 2 hafta davomida jismoniy mashq qilish odatini shakllantirishni o'rganadilar.
1-guruh: qilgan mashqlarini belgilab, qayd qilib borishadi.
2-guruh: qilgan mashqlarni belgilab bormaydi. Ammo har kuni mashqning foydalari haqida ma'lumotlar o'qishadi;
3-guruh: 2-guruh singari motivatsion ma'lumotlar o'qishadi. Qo'shimchasiga har biri quyidagi shaklda haftalik mashq rejasini tuzadi: "Keyingi hafta davomida, 20 daqiqa [JOY]da [VAQT]da [HAFTA KUNI]da mashq qilaman"
Natija: 1 va 2-guruhda deyarli bir xil ko'rsatgich(35-38% qismi mashq qilgan). 3-guruhda esa 91 %.
Xulosa: Olinadigan motivatsiya jiddiy o'zgarish yasamaydi. Ammo maqsadni aniq begilashning ta'siri katta.
Biror narsaga qanchalik oson erishib bo'lsa, unga o'rganib qolish ehtimolligi shuncha ortadi
Vietnam urushidagi Amerika askarlarning 20% geroinga o'rganib qolgan ekan. Ammo uylariga qaytgach, bir yilda faqat 5%gina georin iste'molida davom etgan. Vietnamda atrofidagi hamma narsa geroin chekishni eslatib turgan (urushdagi stres, boshqalarning chekishi, uydan uzoqdalik), uyda esa bunday shamalar yo'qligi bu odatni tark etishga yordam bergan.
Xulosa: Yomon odatni yo'qotish uchun uni eslatadigan shama-ishora(lar)ni yo'qotish kerak. Ichuvchi odam davolanib chiqqani bilan eski muhitga qaytganda yana ichaveradi(atrofda ichishni eslatuvchi shamalar sabab). Bunda yechim, eski shamalar yo'q joyga ko'chish bo'lishi mumkin
🏁 Xulosalar
Kitobda amaliy maslahatlar ko'p. Ammo baribir eng muhimi harakatni o'zimiz qilishimiz kerak. Faqat qoidalarni o'rganish natija bermaydi.
"Janjirni uzma" - menga kuchli ta'sir qilgan fikr bo'ldi. Buni "hech qachon 2 marta tark qilma" qoidasi bilan birashtirilsa jiddiy natijalar keltiradi. O'zimda ko'p bo'lgan: 1 marta qaysidir ishni tark etasiz, keyin u tark etishlar seriyasiga yo'l ochadi. Xullas, "zanjirni uzmang". Yugurish zanjirini uzmang > doim sog'lom bo'lasiz. Mahsulot / xizmat sifatini oshirish, yangilik qo'shish zanjirini uzmang - yirik, barqaror biznesingiz bo'ladi.
Birinchi xato bizni buzmaydi. 1-xatodan keyin keladigan takroriy xatolar zanjiri bizni buzadi. Bir marta tark etish - bu tasodif. Ikki marta tark etish esa - bu yangi odatning boshlanishi. Shu bois ham bizga foydasizdek tuyulgan vaqtda ham odatni takrorlash muhim. O'zingizni holsiz his qilyapsiz, ammo majburlab bo'lsa ham yurish, yugurishga chiqing. Bu bilan eng kamida shu vaqtga qadar erishilgan yutuqlarni saqlab qolgan bo'lasiz.
Yuqorida yozganimdek, kitobda amaliy maslahatlar ko'p, asosiysi IJROCHI O'ZIMIZ. Imkon qadar maslahatlarni hayotingizga tadbiq qilsak, 3-4 oydan keyin meva bera boshlaydi. O'zim "odat shartnomasi" va odatlar jadvali usullarini natijasini ko'ra boshladim. Bir do'stim bilan bir-birimiz oldimizda mas'uliyat his qilish uchun shartnoma tuzdik. Bu be'manilikdek tuyulishi mumkin, ammo jiddiylikni anglash, ong ham javobgarlikni his qilishi uchun maksimal rasmiyatchilik muhim. Quyida tuzgan shartnomamiz:
Bu esa sovuq suvda yuvinish odatimni belgilab borish uchun jadval. Har kuni sovuq suvda yuvingach belgi qo'yaman va bu ongimga "epladim, men qilaoldim" degan singal beradi:
Xulosa qilganda kitob menga yoqdi. Nomida ko'rsatilgan mavzuni chiroyli ketma-ketlikda ilmiy asoslab bergan, berilgan maslahatlar amaliy. Bemalol takror o'qish kerak bo'lgan kitoblar safiga qo'shish mumkin. O'ylaymanki bu maqola sizni kitobni o'qishga qiziqtiraoldi. Agar sizga ma'qul bo'lgan bo'lsa fikringizni bildiring, yana qaysi kitoblar haqida shu kabi tahliliy maqola yozishimni xohlaysiz?
P.S. yaqin orada aynan shu kitob bo'yicha video ham tayyorlayman
Shu va shu singari materiallar bilan birinchi bo'lib xabardor bo'lish uchun @ziyonotes telegram kanalini kuzatib boring.