"Noldan birgacha": muvaffaqiyatli startaplar qanday quriladi?
Kelajak haqida o'ylaganda xayolimizga uchar mashinalar, sun'iy intellekt deyarli har bir sohaga kirib borgan, insoniyat sayyoralararo hayot kechirayotgan manzarasi keladi. Ammo kamdan-kam odam ana shu har bir yangilikni "kim, qanday kashf qiladi" kabi savollarni o'ziga beradi va javob topishga harakat qiladi. Avval kashf qilingan narsalardan ko'paytirish oson (buni Xitoy rivojlanish modelida ko'rish mumkin, g'arb asrlar davomida erishgan infrastrukturani bir necha o'n yillikda nusxa ko'chirish orqali yarataoldi - misol kitobdan), haqiqiy tadbirkorlik esa "Noldan Birni" yaratishda. PayPal asoschilaridan va Facebookning ilk sarmoyadorlaridan biri tadbirkor Piter Tilning “Noldan birgacha: startaplar haqida qaydlar yoxud kelajakni qanday qurish mumkin (Zero to One: Notes on Startups, or How to Build the Future) kitobi aynan mana shu mavzu: qanday qilib noldan birni hosil qilish, muvaffaqiyatli startaplar qanday paydo bo'lishi haqida.
🚀 Yangi loyihalar - startaplar nima uchun kerak?
Kelajak qanday bo'lishi haqida muallif 4 yo'l bor deydi:
- Vertikal taraqqiyot: insoniyat izlanuvchanlikda davom etadi va hozirgidan yaxshiroq mahsulotlar yaratadi;
- Horizontal taraqqiyot: Mavjud texnologiyani soni ko'paytiriladi va shu orqali butun insoniyat bir xil hayot tarziga ega bo'lishi mumkin;
- Turg'unlik: Hozirgidan deyarli hech qanday o'zgarish bo'lmaydi va/yoki juda kichik yangi texnologiyalar kashf qilinadi. Ammo bu oxir oqibat halokatga olib keladi;
- Regressiya (Qulash): Jamiyat sekinlik bilan ortga chekina boshlaydi. Hattoki mavjud texnologik rivojlanish ham yo'qotiladi.
Muallif yaxshiroq kelajakka erishishning yagona yo'li - vertikal taraqqiyotdir. Qolgan barcha yo'llar insoniyat uchun uzoq masofada halokatli bo'ladi. Vertikal taraqqiyot uchun esa, doim yangidan yangi paydo bo'ladigan startaplar kerak. Katta ehtimollik keyingi asr yangi texnologiyasini Google yoki Microsoft yaratmaydi, balki qaysidir yangi startap olib keladi. Chunki kompaniyalar kattalashgach ularda izlanuvchanlik qilish qobiliyati pasayib, o'rnini byurokratiya, har xil korporativ "madaniyat" egallaydi. Byurokratik tuzilmalar sekin harakatlanadi, manfaatlar kuchliligi esa tavakkal qilishga yoʻl bermaydi. Faoliyati samarali tashkil etilmagan tashkilotlarda mansab pillapoyalaridan koʻtarilish uchun “xoʻjakoʻrsin”ga ishlash shu ishni chindan ham bajarishdan koʻra foydaliroq usuldir. Startaplar esa kichik, ixcham bo'lgani, yagona maqsad uchun uyishish bo'lgani sababli yangilik yarata oladi.
🎯 Asosiy nuqtalar
Kitob oson o'qiladigan ruhda yozilgan, qiyin jumlalar yo'q. Menga xuddi muallifning o'zini startaplar, kelajak, o'zining tajribasi haqida yozilgan bloglari jamlangan kitobdek tuyuldi. Boshlanishi zo'r yozilgan, ammo oxirgi boblarda biroz umumiy gaplar yozilgandek. Hozirda startaplar olamida standartga aylanib qolgan qarashlarga zid chiqqan joylari ham bor. Masalan, u hozirda mavjud kayfiyat - kelajakni mavhum deb bilishga moyillikni rad etib, diversifikatsiya, MVP (minimum viable product - minimal foydali mahsulot), inkremental takomillashuv ("Lean manufacturing" g'oyasi) g'oyalarini o'ziga ishonchsizlik, qat'iyatsizlik belgisi deb qaraydi. Muallif fikricha, insonlar, jamiyatlar va eng muhimi - startap asoschilari kelajak haqida aniq tasavvurga ega bo‘lishi va “moslashuvchan” bo‘lib qolishga urinish o‘rniga tasavvuridagi kelajakni yaratish sari aniq harakatlanishi kerak.
Quyidagi kitobda bayon qilingan asosiy fikr va g'oyalar:
🔮 Kelajak
- Keyinroq keladigan vaqt kelajak emas, o'zgacha dunyo - kelajak. Agar taraqqiy etmasak kelajak hech qachon kelmaydi, kelajakni bilmaymiz, ammo yaratolamiz.
- Eng taraqqiy etgan sun'iy intellektnig yaratgan - kelajakka sohib chiqadi. SI insoniyatga halokat yoki farovonlik keltirishi - bizga uni yaratuvchilarga bog'liq.
- 2000-yillar boshidagi bo'lgan fond bozori qulashi (dot com bublble) kompaniyalar va odamlarni o'ta ehtiyotkor qilib qo'ydi. Kelajak sari aniq intillish o'rnini "moslashuvchan bo'lish", "diversifikatsiya" g'oyalari egalladi. Bu qarash taraqqiy etgan kelajakni qurishga halal beradi.
🏢 Monopoliya va raqobat
- "Qanday qiymatli kompaniyani hech kim qurmayapti?" tadbirkor odam o'ziga berishi kerak bo'lgan savol
- Qiymat yaratish va qiymatni egallash har xil tushunchalar - barcha kompaniyalar imkon qadar ko'proq qiymatni qo'lga kiritish uchun monopoliya bo'lishga harakat qilishlari kerak. Monopoliya iste'molchilar uchun yaxshi emas, ammo yangilik yaratgan kompaniyalar - albatta qanchadir muddat monopoliya bo'ladi. (Bu yerda o'zbekcha - UzAutoMotors monopoliyasi tushunilmasin - muallif taraqqiyotga yetaklaydigan monopoliya haqida gapirmoqda. Masalan, Google, Amazon, Facebook kompaniyalari - ularning har bir o'z bozorida monopoliya)
- Raqobat quloqqa xush yoqadi, iste'molchila ruchun yaxshi, ammo yangiliklar yaratish jihatdan amaliy emas, chunki u pul ishlashning barcha imkoniyatlarini yo'q qiladi.
- Mukammal muvozanatlashgan, yuqori raqobatdosh bozorda hech qanday foyda bo'lmaydi va barcha raqobatchilar deyarli teng ravishda daromad topadi.
- Patentlar va mualliflik huquqlari monopoliyani qonuniy qo'llab-quvvatlash usulidir - yangi narsalarni kashf qiling va siz bir muddat monopoliyaga ega bo'lasiz.
- Raqobatning eng yaxshi turi mavjud narsalarni optimallashtirish emas, balki yangi monopoliyalarga olib keladigan va bu jarayonda mavjud monopoliyalarni yo'q qilishi mumkin bo'lgan mutlaqo yangi narsalarni yaratishdir.
- Egalari belgilangan bozorda ulushga ega bo'lish - maqsad bo'lmasligi kerak. Agar yagona maqsad shu bo'lsa - bu raqiblar o'rtasida hech qanday farq yo'qligini anglatadi. Agar kuchli raqobatni ko'rsangiz - ehtimol, bu yerdan chiqish vaqti kelgandir.
💼 Monopoliya qurish
- Monopoliya qurish uchun - kichik bozorni tanla, o'sha bozorda monopol bo'l va so'ng faoliyatingni horizontal kengaytir;
- Katta bozorga kirib, unda monopol bo'la olmaslik - nusxa ko'chiruvchilarni paydo qiladi - bunday usul bilan monopollika erishaolmaysiz!
- Muvaffaqiyatli monopoliya qurish uchun - boshqalarga qaraganda kamida 10 karra qiymatli mahsulot yaratishingiz kerak.
💪 Quvvat / Kuch qonuni (Power Law)
- Quvvat qonuni - "muayyan bozorda kam sonli kompaniyalar bozor ulushining katta qismiga ega bo'ladi" degan tushunchadir.
- ".. kimda bor bo‘lsa, unga yana beriladi va u mo‘l–ko‘lchilikda yashaydi. Kimda yo‘q bo‘lsa, hatto bori ham tortib olinadi"
- Daromadlarning 80%ni Venchur kapitalidagi kompaniyalarning 20% keltiradi;
- Startaplar o'z bozorlarida quvvat qonuni dinamikasini hosil qilishga harakat qilishi kerak - bu ularga bozorni egallash imkoniyatini beradi.
🤫 Sirlar (Secrets)
- Har bir muvaffaqiyatli kompaniyaning boshqalar bilmaydigan siri bo'ladi;
- Tadbirkorlar dunyoni o'zgartirishi mumkin bo'lgan sirlarni topishga intilishi kerak va bu muvaffaqiyatli kompaniya uchun bo'lishi mumkin;
- Sirlar monopoliya qurishning kaliti, chunki u startaplarga o'z bozorida o'ziga xos afzallik beradi
🧩 Tadbirkor uchun 7 savol
Har bir biznes quyidagi savollarga javob berishi lozim:
- Muhandislik - Mavjud narsani takomillashtirish o'rniga yangi ilg'or muqobil yarata olasizmi?
- Vaqt - Biznesni boshlash uchun hozir to'g'ri/ayni vaqtmi?
- Monopoliya - Kichik bozorda katta ulush bilan boshlaysizmi?
- Odamlar - Rejangizni amalga oshirish uchun to'g'ri jamoangiz bormi?
- Tarqatish - Mahsulotingizni mijozlarga qanday yetkazib berasiz?
- Bardoshlilik - Bozordagi mavqeingiz kelgusi 10-20 yil ichida himoyalangan bo'ladimi?
- Sirlar - Boshqalar ko'rmayotgan noyob imkoniyat-sirni topdingizmi?
Tilning fikriga ko'ra mana shu savollarga javob beraoladigan startaplarning muvaffaqiyat qozonish ehtimolligi ko'proq
🤖 Sun'iy intellekt
Kitobni o'qishim - sun'iy intellekt bilan bog'liq yangiliklar urchigan vaqtga to'g'ri keldi. Muallifning 20 yilcha avval SI haqida aytgan fikrlari qiziq:
- Kuchli SI - kosmik lotereya kabi. Agar yutsak - insoniyat utopiyaga erishadi, agar yutqizsak - Skynet bizning o'rnimizni egallaydi;
- SIni shlab chiqayotgan kompaniyalar inson o'rnini bosadigan AI emas, balki inson intellektini oshiradigan tizimlarni yaratishga e'tibor qaratishlari kerak;
- Ayrim insonlar SI insoniyat mavjudligi xavf solishi mumkinligi sababli bunday tizimlarni yaratmasligimiz kerak desa, ayrimlar insondan kuchli SIni yaratish kerakligini aytadi. Tilning fikricha, bunga ikkilik -binar qaramaslik kerak. Aksincha ikki xil fikr o'rtasida insoniyat uchun foydali o'rtalik bor.
📝 Xulosa
Kitob oson o'qiladi. Foydali bo'lgan ma'lumotlar bor. Lekin menda ko'pchilik maqtagan darajada taassurot qolmadi. Muallifning hamma fikrlariga ham qo'shilmayman (Monopoliyalarni har qanaqasiga oqlash, ijtimoiy tadbirkorlik va hkz). "Tadbirkor asoschilarni noyob insonlar - shu bois ularning g'alati qiliqlarini to'g'ri qabul qilish kerak, bu ham o'sha noyobligidan" demoqchi bo'lgandek tuyuldi. Shuningdek, "startaplar faqat yangi narsa o'ylab topishi kerak - agar o'ta ilg'or yangilik bo'lmasa biznes boshlama" degan pessimistik fikr qoldirishi mumkin. Ammo dunyoda sekin - inkremental rivojlanib muvaffaqiyatga erishgan kompaniyalar ham oz emas. Dunyo biznesi faqat Silikon vodiysidan iborat emas. Qolaversa, men kitobdan aniq tavsiyalar, Tilning faoliyati davomida olgan maslahatlari kutgan edim.
Umuman olganda yaxshi kitob, biznes boshlamoqchi bo'lgan, biror g'oyasini amalga oshirmoqchi bo'lganlar uchun foydali ma'lumotlar va fikrlar ko'p.