Öqiganlarim
April 23, 2020

"Shamollar ortidan yugurib" - Kitobni ruscha anglash

Translation is not about words. It’s about what the words are about

Avvallari "dunyoni ruscha anglash" degan atamani eshitsam, hayolimga rus ommaviy axborot vositalaridan olingan, bevosita ularning "filtri"dan o'tgan xabarlarni tushunar edim. Kuni kecha Holid Husayniyning "The Kite runner" ("Varrak ortidan" - o'zimcha shunday tarjima qildim) - "Shamol ortidan yugurib" asarining inglizchasi va o'zbekchasini solishtirib o'qiganimdan so'ng "dunyoni rucha anglash" anchagina kengroq tushuncha ekanligini va millat taqdiri uchun ahamiyatini teranroq angladim. So'zim osonroq tushunilishi uchun shu asardan bir xatboshi-parcha qo'yaman:
Ingliz tilida:

"We stayed huddled that way until the early hours of the morning. The shootings and explosions had lasted less than an hour, but they had frightened us badly, because none of us had ever heard gunshots in the streets. They were foreign sounds to us then. The generation of Afghan children whose ears would know nothing but the sounds of bombs and gunfire was not yet born. Huddled together in the dining room and waiting for the sun to rise, none of us had any notion that a way of life had ended. Our way of life. If not quite yet, then at least it was the beginning of the end. The end, the ‘official’ end, would come first in April 1978 with the communist coup d’état, and then in December 1979, when Russian tanks would roll into the very same streets where Hassan and I played, bringing the death of the Afghanistan I knew and marking the start of a still ongoing era of bloodletting.

O'zbek tilida:

"Biz bir-birimizning pinjimizga kirgancha tong ottirdik. Koʻp oʻtmay otishmalar ham tindi. Bunday notinchlik biz uchun yangilik edi. U paytlar afgʻon bolalari otishma, qoʻrquv, tahlika nimaligini bilishmasdi."

Xullas tarjimalarni taqqoslash asosida quyidagi xulosalarga keldim:

  1. Asar hajm jihatidan qariyb 1/3 qismiga kam; (juda ko'p ruhiy kechinmalar, ko'plab 2-darajalari personajlar umuman olib tashlangan)
  2. Islom dini bilan bog'liq juda ko'plab elementlar olib tashlangan; (asarda juda ko'plab qahramonlar tilidan aytilgan kalimalar o'zbekcha tarjimasida biror marta ham uchramaydi)
  3. Faqatgina voqealar rivoji qolgan xolos - xuddi uzun ruhiy kechmishlarga boy voqeani qisqagina qilib ertak sifat aytib berilganga o'xshaydi;
  4. Asl manbada mening fikrimga ko'ra asosiy ma'no: "insonning ruhiy kechikmasi, bir insonning boshqa inson oldida aybdorlik hissi va bu aybdorlik tuyg'usi - qalb bor ekan aslo yo'q bo'lib ketmasligi, aksincha doim ta'qib qilishi."
  5. O'zbekcha tarjimada mening fikrimga ko'ra asosiy ma'no: "Urush qanchalik insonlar taqdirini o'zgartirib yuborishi, urush daxshatlari"

Aslida bu haqida juda ko'p yozish mumkin. Qiyoslash uchun Jaloliddin Rumiyning "Masnaviyi ma'naviy"sidagi "Xazina qidirgan odam" rivoyati bilan Paulo Koeloning "Alkimyogar" asarini olish mumkin.*

Ammo tan olib aytish kerak, asarning o'zbekchasini o'qigan odam asar xuddi asli o'zbekchada yoki qardosh tillardan birida yozilgan deb o'ylaydi. Tarjimon mohirlik bilan o'zbekchalashtirgan. Unda muammo nimada? Nega unda asarning asl matni bilan o'zbekchasi o'rtasida buncha tafovut? Muammo asarning to'g'ridan-to'g'ri ingliz tilidan emas, rus tilidan tarjima qilinganligida. Ruschasini solishtirib ko'rsam, hamma narsa bir xil. Hatto asar nomi ham "Бегущий за ветром".

Bu gaplar bilan nima demoqchiman?

1) Asarlarni tarjima qilayotganimizda imkon qadar asl manbasidan olishga harakat qilishimiz kerak.

2) Chet tilisiz najot bo'lmaydi - xalqaro deganda dunyoga "rus ko'zi" bilan qarashni kamaytirishimiz kerak. Farzandlarga imkon qadar ingliz, nemis, ispan tillarini o'rgatib, ularni shu tillardagi manbalardan foydalanishga undashimiz to'g'ri yechim bo'ladi.

P.S. Avvallari o'qish uchun kitob tanlaganimda xalqaro reytinglarga qarar edim. Ammo o'zbekchasini o'qib, unchalik ko'nglim to'lmagan paytlari ham ko'p bo'lar edi. "O'zimcha shu asarning nimasiga buncha yuqori baho berilgan?" deb o'ylar edim. Balki ularda ham yuqoridagi kabi tarjima bilan bog'liq muammolar bordir.

* Ko'plar tomonidan "Alkimyogar"dagi voqealar rivoji Rumiydan ta'sirlanib yozilgan degan fiklar bildirilgan.