Öqiganlarim
August 19, 2021

The Almanack of Naval Ravikant: Naval donoliklari

Bu kitobda ko'pchilik takror-takror beradigan savollarga pragmatik usulda javob berilgan. Masalan, quyidagi savollar bor:

  • Qanday qilib omadga suyanmagan holatda boy bo'lish mumkin?
  • Pul bu baxtni anglatadimi?
  • Muvaffaqiyatli kishi qanday kitoblarni o'qish kerak?
  • Hayotning mohiyati nima? Baxtning ilmiy formulasi bormi?

Men ham ko'pchilik singari Navalning muxlisiman. Ko'pdan buyon Naval Ravinkatning podkastlarini eshitib kelaman. "Qanday qilib omadga suyanmagan holatda boy bo'lish mumkin?" (How to get rich without getting lucky?) mavzusidagi fikrlari sababli taniganman.

Ushbu kitobda Naval tomonidan turli joylarda (suhbatlar, twitter va hkz) aytilgan fikrlar tizimli tarzda yig'ilgan. Bugungi kunda turli biznes treninglar, motivatsiya ulashadigan "guru"lar urchigan vaqtda Navalning ratsional fikrlari juda ham muhim. Kitob "borib tavakkal qil, miyangdagi tugunlarni yech, "tortishish qonuni"ga ishon" singari puch maslahatlarni bermaydi.

Kitobda "deyarli barcha narsa: boylik, baxt - hammasi inson o'rganishi mumkin bo'lgan ko'nikmadir, ma'lum bir formulaga qat'iy amal qilish asnosida hamma (butun insoniyat) boylikka ham, baxtga ham erishishi mumkin" degan fikr ilgari suriladi.

Naval diniy e'tiqodi jihatdan musulmon emas, o'zini "ratsional buddist" va ateist hisoblasa-da, kitobdan foydali fikrlar, tajriba olish mumkin.

Kitob "qanday qilib" degan savolga to'g'ridan-to'g'ri javob beradigan yo'riqnoma emas, balki, Naval, fikrlash orqali o'quvchini baxt va boylik sari har kim uchun o'zigagina xos bo'lgan yo'lni yaratishga chorlaydi.

ziyonotes:

  • Boylik - pulning ko'pligi emas, balki farovonlikdir.
  • "Biznes qilish" degan hunar mavjud emas. Biznes qilishni o'rgatadigan har qanday kitob/gazeta/seminarlardan uzoqda yur;
  • Haqiy farovonlik, baxt, yaxshi oila - barcha murakkab foiz orqali erishiladi. Maqsad qisqa muddatli emas, maksimal uzoq muddatli bo'lishi darkor;
  • Aqliy modellar (Mental models)ni o'zlashtir, bunga esa ko'p kitob o'qish orqali erishish mumkin;
  • Har bir inson o'ziga xos qobiliyatga ega. O'z yo'nalishingda eng yaxshisi bo'l. Bunga erishgunga qadar o'z qiziqishlaringni qayta kashf qilishdan to'xtama;
  • Hech qachon ko'chirma. Ko'chirmachilik muvaffaqiyat keltirmaydi. O'ziga xoslik - to'xtatib bo'lmas rivojlanish olib keladi. Chunki hech kim senni o'zingdan yaxshiroq darajada o'xshataolmaydi. O'ziga xoslik (authenticity) orqali raqobatni chetlab o'tish mumkin;
  • Biror yangi (boshqa sohadagi) kitobni o'qishdan qo'rmaslik uchun, fundamental bilimlarga ega bo'lish kerak. Kutubxonada biz tushunmaydigan kitob bo'lsa, o'zimizga savol berishimiz kerak: "Bu kitobni tushunishim uchun qanday fundamental bilim kerak?". Fundamental bilimlar - juda muhim;
  • O'limni unutma. Nima qilishimizdan qat'i nazar hamma bir kun o'limga mahkum. Nafaqat insonlar, sivilizatsiya, dunyo - barchasining bir kun yo'q bo'ladi;
  • Sog'lik barchasidan muhim. Sog'likni saqlash, yaxshilik sari o'zgarish uchun qandaydir mashg'ulot top. Qanday mashg'ulot ekanligi muhim emas - muhimi uni har kuni qilish.
  • Jahli tiya bilish yuksak mahorat. Baxtli bo'lishni istagan odam jahlni tiya bilishi muhim. Iqtibos: "Jahl - birovga otish uchun qo'lda cho'g' ushlab turishga o'xshaydi";
  • O'qish o'qish va yana o'qish. Kitob o'qishdan to'xtamaslik kerak ;)

Naval formulalari:

Baxt = Sog'lik + Moddiy farovonlik + yaxshi munosabatlar(oilaviy, do'stlik hkz.)
Sog'lik = Mashq + Parhez + Uyqu
Mashq = Yuqori intensiv mashqlar + Sport + Hordiq
Parpez = Tabiiy ovqatlar + Ro'za + O'simliklar
Uyqu = Budilniksiz + 8–9 soat + sirkadiya ritmi (vaqtida uxlash)
Farovonlik = Daromad + Boylik * (Investitsiyalar bo'yicha qaytish)
Daromad = Mas'uliyat + Leverage + Maxsus bilim
Mas'uliyat = Shaxsiy Brending + shaxsiy Platforma + Tavakkalchilik
Leverage = Kapital + Odamlar + Intellektual Mulk
Maxsus bilim = Jamiyat boshqa odamlarni osongina o'qitib o'rgataolmaydigan narsani bilish (Knowing how to do something society cannot yet easily train other people to do)

Kitob donoliklarga to'la, yana biroz vaqt o'tgach albatta bir necha marta qaytadan o'qib chiqaman. Hozircha kitob asosida qilgan xulosalalarim bo'yicha yangi kitoblar o'qimasam, fundamental bilimlarimni oshirmasam bo'lmas. Quyidagi kitoblarni ushbu kitobni o'qib, ro'yxatimga qo'shdim:

  • "Very short Introduction to Micoreconomics"
  • "Statistics for dummies"
  • Skin in the Game (Nassim Taleb)
  • The Bed of Procrustes: Philosophical and Practical Aphorisms (Nassim Taleb)
  • Six Easy Pieces: Essentials of Physics Explained by Its Most Brilliant Teacher (Richard Feynman)
  • Thinking Physics: Understandable Practical Reality (Lewis Carroll Epstein)

Xulosa: Kitob ajoyib yozilgan, oson o'qiladi. Biror mohir tarjimon tomonidan o'zbek tiliga o'girilsa juda ko'pchilikka manfaatli bo'ladi deb o'ylayman. Tarjimadan ham ko'ra biror diniy-dunyoviy tajribasi yetarli kitob kitob asosida yangi kitob yozsa (Islomiy hayot mohiyati, baxt tushunchalarini singidirib), go'zal qo'llanmaga aylanadi.

Kitobni pdf, epub versiyalarini bepul https://www.navalmanack.com saytidan olish mumkin.