Öqiganlarim
August 25, 2021

Shaxmat haqida qissa: Shaxmat novellasi

Ikki taqdir: har ikkisi ham shaxmat bilan ilinj o'laroq shug'ullanishgan. Biri uchun hayotda o'z o'rnini topishning yagona vositasi, Ikkinchisi aqldan ozmaslik uchun oxirgi yupanch bo'lgani uchun shaxmat o'ynagan.

Yuqoridagi gaplar Stefan Sveygning "Shaxmat novellasi"dagi taqdirlar haqida.

Men ko'p shaxmat o'ynamayman, mohirlik darajam havaskordan ham pastroq bo'lsa kerak. Ammo ushbu kitob balki shaxmat bilan ko'proq shug'ullanib turish kerakdir degan o'yni paydo qildi.

Hajm jihatdan unchalik katta bo'lmagan bu kitobda muallif fashist Germaniyasi insonlar ongi, ruhiyatiga qanchalik darajada psixologik ta’sir ko‘rsatganini anglatishga uringan.

Asosiy qahramonlar:

Mirko Chentovich - yoshligida yetim qolib, bir qishloq ruhoniysi tomonidan boqib olingan, shaxmatdan boshqa narsani bilmaydigan obraz. Shaxmat bo'yicha jahon chempioni

Skot MakKonnor - Kema yo'lovchilaridan biri. Har qanday mag‘lubiyatni mag‘rurligiga zarba sifatida qabul qiladigan, o‘ziga ishongan boy odam obrazi.

Doktor B. - kasbi va Avtsiya monarxiyasiga yaqinligi sababli bir muddat tuqunlikda bo'lgan, kuchli ruhiy zarbalarga uchragan mohir shaxmatchi.

Butun syujetni aytib berish niyatim yo'q. "Spoiler" yaxshimas ;)

Asar juda oson o'qiladi, kitob yuzyillikning eng muhim asarlaridan biri hisoblanar ekan. 2021-yilda shu asar asosida kino ham olinibdi. Naisb qilsa uni ham ko'ramiz ;)

Kitob qahramoni Doktor B. singari muallif - Stefan Sveyg 1934-yilda Avstriyadan Braziliyaga Gitler bosqinidan xavotir olib ketgan ekan. Qaysidir ma'noda kitobdagi qahramon hayoti real xotiralarga asoslangan deyish mumkin.

ziyonotes:

  • ko'zga tashlanmaydigan insonda yashirin iqtidor bo'lishi mumkin, Chentovich bunga misol;
  • Ikki jahon urushi o'z qariga minglab iqtidorlarni tortib ketgan, agar shu urush bo'lmaganda balki sivilizatsiya hozir ancha boshqacha bo'larmidi ?!
  • hamma narsada meyor yaxshi - haddan ortiq ko'p shaxmat o'ynash ham ruhiy buzilish, kasallikka olib keladi. Hech bir faoliyat inson hayoti mazmuniga aylanib qolishga arzimaydi, jumladan shaxmat ham. Hayot 64 katakdan iborat emas;
  • Jismoniy qiynoqlarga chidash mumkindir, jismoniy jarohatlar muolaja bilan tuzalishi mumkin. Ammo ruhiy qiynoqlar, ruhiy buzilish bir umr asorat qoldiradi;

Iqtiboslar:

Agar sizning miyangiz dunyoda bir paytlar Rembrandt, Betxoven, Dante va Napoleonlarning yashaganini bilmasa, siz o‘zingizni buyuk odam deb hisoblashingiz juda oson;
...o‘zingizga qarshi o‘ynash o‘z soyangizdan sakrab o‘tishga o‘xshashdir;
Shaxmatchilar ham matematiklar, shoirlar va bastakorlarday juda iqtidorli odamlardir, faqat ular boshqacha yo‘nalishdagi tasavvurga, qat’iyatlilikka va aniqlik mahoratiga ega bo‘lgan maxsus daholardir;
Hatto o'y-hayol uchun ham tayanch nuqtasi darkor
Mag‘rurlik kambag‘allar uchun hashamatdir.
"Yer yuzida hech narsa odamga yo'qliq(bo'shliq) kabi zulm qila olmaydi"