Beqarorlikmi yoki rivojlanish ?
Bugun rezyumimdagi ma'lumotlarni yangilash uchun qarab, eski ishlagan joylarim esimga tushib ketdi. Ilk ishlagan joylarimdan biri "Elektron hukumat tizimini rivojlantirish" markazi edi. Tabiiyki hozirda qanday o'zgarishlar bo'lganini bilish uchun vebsaytiga kirib ko'rdim. Qarasam - u yo'q. Ha, umuman yo'q.
Avvaliga balki websayti o'zgargandir deb rosa izladim, yo'q unday emas ekan. U tashkilot allaqachon tugatilib ketibdi. O'zi tuzilganiga uncha ko'p bo'lmagan edi, adashmasam 2014-yilda tuzilgan bo'lib, 5 yilcha umr ko'ribdi. Albatta qayta tuzish katta kompaniyalarda, davlatlarda sodir bo'lib turadigan jarayon. Ammo haddan tashqari tez yangi tashkilotlar tuzish, eskilarini yo'qotish resurslarning isrof bo'lishiga sabab bo'ladi. Forbes tomonidan qayta tuzish (reorganization) qilgan mingdan ziyod kompaniya Prezidentlaridan so'rov o'tkazilganida ularning 52%i qayta tashkil etish "foyda keltirmadi" degan javobni berishgan.
"Tug'ildim-u, shu on bo'g'ildim"
Internetni izlab, O'zbekistonda yaqin o'tmishda tuzilib lekin uzoq umr ko'rmagan tashkilotlarning ro'yxatini tuzmoqchi bo'ldim(o'zim eslayolganlarimni - qavs ichida "yashagan davri ko'rsatilgan"). Lekin hafsalam yetmadi. Esimga kelganlari:
- “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi (2013-2019)
- Mirzo Ulug‘bek nomidagi Innovatsiya markazi (2017-2019)
- O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi (2017-2020)
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tuman (shahar)lardagi Xalq qabulxonalari (2016-2017)*
- O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi (2005-2019)**
- Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish markazi(qayta tashkil etilgan)
- “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi (1996-2017)
- va boshqalar
* Xalq qabulxonalari tugatilmagan bo'lsa-da, ular Adliya vazirligi huzuridagi agentlikka o'tkazilishi uning avvalgi Prezident qabulxonasi maqomini yo'qotdi;
** Ushbu fond tugatildi degan xabar topmadim, ammo yo'q bo'lib ketdi. Aynan shu funksiyani bajaruvchi "Mass-mediani qo'llab-quvvatlash fondi" tashkil topdi;
Barcha tugatilgan, qayta tuzilgan tashkilotlarni sanamoqchi bo'lsam, juda ko'p ekan. Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" kanalida "qayta tashkil etildi" jumlasi bo'yicha 2017-yildan buyon YUZLAB natijalar chiqdi. Ularning aksariyati tashkilotlarning qayta tashkil etilishi, nomi o'zgarishi yoki bir tashkilotdan boshqasiga olib berilishi bilan bog'liq.
"Monopoliyaga qarshi urash qo'mitasi"ning o'zi Mustaqil bo'lganimizdan buyon 7 marta qayta tashkil etilibdi. 7 marta, Karl!
Aytishingiz mumkin, ha nima qilibdi o'zgarsa deb. O'ylab qaraylik, oddiygina hujjatlar blanki, yozuvlar o'zgarishi uchun qancha davlat byudjeti mablag'lari sarflanadi. Davlat tashkilotlari strukturasi, hovlimiz emaski "bu yil kartoshka ekib ko'rdik bo'lmadi, keyingi yil sabzi ekamiz" degandek munosabatda bo'lsak!! Qayta tashkil etishning foydasidan zararlari ko'p bo'lishi haqida ko'plab tadqiqotlar qilingan, ular internetda bisyor.
Yana bir gap ...
O'z vaqtida juda katta shov-shuvlar bilan ochilgan davlat vebsaytlarining ayrimlari ancha vaqtdan beri umuman yangilanmasdan qolib ketibdi. Masalan, o'zingiz bir kirib ko'ring:
- http://strategy.gov.uz/uz - "Harakatlar strategiyasi" - Oxirgi yanilanish 2018-yilda bo'lgan ekan. Strategiya 2021-yilgacha belgilangan edi shekilli?!
- http://programms.gov.uz/uz - Davlat dasturlari portali - Oxirgi yangilanish 2018-yil
- http://ek.uz/ - Oxirgi yangilanish 2018-yil
- va boshqalar
Davlat tashkilotlarining saytlaridagi xavfsizlik tizimi, oxirgi texnologik talablarga javob bermasligi, gov.uz sub-domenlarining aksariyati ishlmasligi, ma'lumotlar bazalari admin paneliga kirish faqat login-parol bilangina himoyalangani, aksaiyat vebsaytlarda oddiyina SSL sertikat yo'qligi - bular alohida mavzu. Har biri uchun uzun maqolalar yozsa bo'ladi.